Yangi Namangan tumanida 68 yoshli erkakning 7 yoshli qizga nisbatan qilgan harakatlari qayta malakalandi va erkak jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish moddasi yuzasidan qamoqqa olindi. Uning yana boshqa bir qizga nisbatan ham shunday harakatlar qilgani haqidagi xabarlar o‘rganilmoqda.
Chilonzor tumanida daraxt qulab, 1 yoshli qiz vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tekshiruvda suv quvurlarini ta’mirlaganlar qazish ishlarini olib borishi oqibatida bir tup daraxt ildizi ochilgani va o‘z vaznini ko‘tara olmay, yiqilgani aniqlandi. Hodisa sababli bitta avtomobilga ham zarar yetgan.
Firibgarlikda gumonlanib, tergovga jalb qilingan defektolog Dilorom Jabborova “Ovoz” nomli markaz ochgani haqida xabar tarqaldi. Bolalar ombudsmani muassasa unga tegishli emasligini, uning tergov davomida bolalar duduqlanishi muammosiga oid faoliyat bilan shug‘ullanishi to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Toshkent viloyatining Bekobod tumanida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i va bosh hisobchisi tadbirkorlar bilan kelishib, rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish evaziga 950 mln so‘m pulni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent viloyati Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 3-sonli misni boyitish fabrikasida temir konstruksiyalar qulab tushgani yuzasidan mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabning 8-sinf o‘quvchisi elektr toki urishi oqibatida vafot etgani yuzasidan Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha Toshkentda o‘tayotgan sud majlisida sudya Muso Yusupovning ma’lum qilishicha, Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining sobiq boshlig‘iga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va qo‘shimcha jinoyat ishi doirasida tergov qilinmoqda.
SamDU Kattaqo‘rg‘on filialida temir beton plitasi qulashidan 6 nafar talaba qiz jarohatlangani bo‘yicha Jinoyat kodeksining 258-moddasi bilan jinoyat ish qo‘zg‘atildi.
16-avgust kuni “Dok-1 Maks” ishi doirasida bo‘lib o‘tayotgan sudda avvaliga “Qalampir.uz” hamda “Kun.uz” nashrlarini aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmaganlikda ayblagan sudlanuvchilarning advokatlari tushdan keyin “Gazeta.uz”ning jonli efirini to‘xtatishni so‘radi. Sud ularning so‘rovini qanoatlantirdi.
Chilonzor IIBning 4-qavatidan sakrab vafot etgan 21 yoshli yigitning o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining hokimiyat harakatsizligi moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
17 mart kuni Buxoro viloyati sudida Nukus voqealarida qatnashganlikda gumonlangan yana 39 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qib eshittirildi. Ularning 28 nafariga 5 yildan 11 yilgacha qamoq jazosi tayinlandi. 11 nafar ayblanuvchi esa shartli ravishda sud zalidan ozod qilindi.
To‘rtko‘l tumanida kanal toshishi oqibatida uylar va ekin maydonini suv bosgani aytilgandi. Holat bo‘yicha tuman irrigatsiya bo‘limi va irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi. Avvalroq voqeaga kemiruvchilar sababchiligi taxmin qilingandi.
173 nafar qatag‘on qurboni oqlangani haqida yozgandik. Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovning aytishicha, bu «O‘zbekiston xalqini sobiq Ittifoqqa nisbatan bo‘ysundirish maqsadida qilingan xatti-harakatlardir». Toshkent Moskvadan boshqa qatag‘on qilinganlarning ham jinoyat ishlarini talab qilib oladi.
Dushanba kuni Nukus voqealari bo‘yicha sud o‘z ishini davom ettirmoqda. Oliy sud xabariga ko‘ra, sud ishining 6-kunida 1−2 iyuldagi voqealar oqibatida jabrlanganlar, qolaversa, fuqaroviy da’vogarlar so‘roq qilinmoqda.
Farg‘ona shahrida 1150 dona «Tramadol», 14 dona «Regapen» va 141 dona «Tropikamid» kabi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarni xonadonida saqlab kelgan fuqaro va unga aloqador shaxs ushlandi. Gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda qo‘lga olindi.
O‘zbekiston Milliy universiteti kutubxonasidan yo‘qolgan 100 dan ortiq, umumiy qiymati 2,6 mlrd so‘mga teng noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi. Sudlanuvchi (ayol kishi) 5 yilga qamaldi, qolaversa, 2 yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlashi taqiqlandi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari alohining kommunal to‘lovlari uchun bergan jami 350,6 mln so‘m mablag‘larini bank kassasiga kirim qilmasdan, noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlandi. Gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Olmaliqda korxona rahbari tekshirish uchun berilgan 219,2 mln so‘mlik 30 ta nasos agregatini yaroqsizligi to‘g‘risida soxta dalolatnomalarni rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani aniqlandi.
Prokuratura Toshkent hayvonot bog‘ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayolga tegishli jinoyat ishini unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashni hal qilish uchun sudga yubordi. Ayol «umrbod ruhiy xastalik bilan betoblanib kelgan», shu bois u tergov va sudda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish qobiliyatiga ega emas, deb ma’lum qildi Bosh prokuratura.
Qozog‘iston bosh prokuraturasi xabar berishicha, yanvar voqealari bo‘yicha ochilgan ishlarga 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi jalb qilingan. Ular tartibsizliklarda ishtirok etish va o‘g‘rilikda gumonlanmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting